Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filiali tashkil etiladi

Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filiali tashkil etiladi

Prezident «Jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda sportchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

 

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzurida tashkil etilgan tibbiyot fakulteti («Davolash ishi» ta’lim yo‘nalishi) Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filialiga aylantiriladi.

Filialda sport tibbiyoti va boshqa tibbiyot mutaxassisliklari («Davolash ishi», «Farmatsevtika», «Pediatriya») bo‘yicha kadrlar tayyorlanib, Chirchiq shahridagi barcha turdagi tibbiyot muassasalari unga klinik-o‘quv baza sifatida biriktiriladi.

Sport sohasida kadrlarni kompleks tayyorlash bo‘yicha «Chirchiq sport klasteri» namunasi yaratiladi.

Davlat sport-ta’lim muassasalarining sport shifokorlari, sport diyetologlari va sport farmakologlari Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida belgilangan tartibda bepul malaka oshiradi.

Nukus, Andijon, Buxoro va Samarqand shaharlarida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining mintaqaviy filiallari tashkil etiladi.